avatar
Куч
0.12
Рейтинг
+0.43

Abdimo'minova Dilnoza Daminovna

Мақолалар

G‘OYAGA QARSHI – G‘OY, JAHOLATGA QARSHI – MA’RIFAT BILAN KURASHAYLIK !

Блог им. dilnozbonu

XXI asr oxirlariga kelib xalqimiz taqdirida butunlay yangi tarixiy davr boshlandi. Bu davrda milliy g‘oyamiz shakllanayotib, sog‘lom har tomonlama hayotiy va inson manfaatlariga xizmat qiladigan g‘oyalar sifatida dunyoga kelmoqda. Ana shu milliy g‘oyaga asoslangan munosabatlarimiz yangidan-yangi vazifalarni kun tartibiga qo‘ymoqda.


Barchamiz bir haqiqatni yana bir bor tushunib olishimiz zarur. Bizga hozirgi kunda kimda-kim biron-bir zarba bermoqchi bo‘lsa, harbiy va iqtisodiy tomondan emas, balki, yuqorida qayd etilganidek, avvalambor ma’naviy-mafkuraviy tomondan zarba yetkazishga urinadi.


 Sir emaski, bizning  targ‘ibot-tashviqot     ishlarimiz     bo‘lsa ko‘pincha kutilgan natijaga olib kelmay, tor doiralarda qolib ketyapti, hayotning keng qatlamlariga kirib bormayapti, tajribasiz, dunyoqarashi cheklangan ba’zi yoshlar ongiga yetib bormayapti. Natijada ularning ayrimlari bizga yot bo‘lgan tashqi ta’sirlarga, buzg‘unchi g‘oyalarga ko‘r-ko‘rona berilib, hatto o‘z ota-onasi, xalqi va Vataniga qo‘l ko‘taruvchi qotillarga aylanib qolmoqda.


Rivoyat qilishlaricha, bir o‘rmonda bolta paydo bo‘lib daraxtlarni kesa boshlabdi. O‘rmon ahli unga chora topolmay donishmand keksa Archa huzuriga boribdilar.


-    Bolta deganlaring nimadan ishlangan, — deb so‘rabdi Archa voqeadan ogoh bo‘lgach.


-  Bolta deganimiz temirdan ishlangan, — deb javob qilishibdi.


-   Dastasichi, dastasi xam temirmi? — deb so‘rabdi Archa.


-  Yo‘q, dastasi temir emas, yog‘ochdan.


-     Eh, attang, dastasi o‘zimizdan bo‘lsa, endi boltani to‘xtatishning hech ham iloji yo‘q, — degan ekan donishmand Archa.


Biz barcha ma’rifiy mamlakatlarda bo‘lganidek, fikrga qarshi fikr, g‘oyaga qarshi g‘oya, jaholatga qarshi ma’rifat bilan kurashish tarafdorimiz. Prezidentimiz I. A. Karimov ta’kidlaganidek: “Fikrga qarshi fikr,g‘oyaga qarshi – g‘oya, jaholatga qarshi – ma’rifat bilan kurashish har qachongidan ko‘ra muhim ahamiyat kasb etmoqda.”[1]


Barcha zamon va makonlarda ham Vatanga xiyonat eng og‘ir kechirilmas gunoh, jinoyat hisoblangan. Yurtimiz osmonini bir necha bor qora bulutlar qoplagan mash’um qo‘poruvchilik qilingan kunlarda og‘ir jinoiy ishlarga aralashib, adashganlarning ayrimlari sizu bizning atrofimizda yurganlar edi. Ularning shu holga tushib qolishlariga atrofidagi kishilarning, jamoatchilikning beparvoligi, tomoshabinligi ham sabab bo‘lganligini inkor etib bo‘lmaydi. Bu kabi mudhish fojealarning oldini olish maqsadida milliy g‘oya targ‘iboti va ma’naviy-ma’rifiy   ishlar   samaradorligini  yanada oshirishga alohida ahamiyat berilmoqda. Bu jarayonda ham jonli va ta’sirchan so‘z asosiy vosita bo‘ladi.


XXI asrda, fan va texnologiyalar g‘oyat taraqqiy etgan davrda kishilarning ongi va qalbiga yashirin, o‘z manfaati yo‘lida ta’sir ko‘rsatishni ifodalashda “manipulyatsiya”    atamasi    ishlatilmoqda.    Manipulyatsiya — boshqalarga bildirmasdan, asl maqsadni yashirin tutgan xolda boshqalar ustidan hukmronlik qilib, o‘zi istagan xulq-atvorni shakllantirishni anglatadi. Bunda yovuz, vayronkor g‘oyalar «da’vatchi»si shaxsga nisbatan zo‘rlik qilmaydi va kuch ishlatmaydi, asl maqsadlarini pinhon tutadi. Aynan shu sababga ko‘ra «islom dini niqobida» degan ibora ishlatiladi. G‘oyaviy manipulyatsiya odamni u yoki bu ishni qilishga emas (targ‘ibot-tashviqotdan farqli o‘laroq), balki shu ishni qilishga xohish, istak uyg‘otishga xizmat qiladi.


G‘oyaviy manipulyatsiya jarayonlari avvalo, da’vatchi o‘zi ta’sir o‘tkazmoqchi bo‘lgan odam tasavvurlarini o‘zgartirishga olib keluvchi bilimlar bera boshlaydi. Natijada, shaxs dunyoqarashi, qadriyatlari tizimida da’vatchi kutayotgan tartib paydo bo‘ladi va yetakchilik qila boshlaydi. Bu esa shaxsning xulq-atvoriga salbiy ta’sir ko‘rsatadi, lekin uning o‘zi xarakteridagi o‘zgarishlarni sezmay ham qolishi mumkin.


Yoshlar o‘zlarining ijtimoiy-ruhiy va boshqa jihatlariga   ko‘ra   ko‘pincha   salbiy   hodisalarga   tez   beriluvchanlik,     jamiyatdagi    o‘zgaruvchan    sharoitga    moslashish qobiliyatining    yuqoriligi    bilan    ajralib    turadilar. Ular  o‘tkir  hissiy   bilish  kobiliyatiga  ega  bo‘lib,   so‘z bilan   amaliyotning   nomutanosiblik   holatlarini   kuchliroq   sezadilar.   


Yoshlardagi haqiqatga moyillik, o‘tmish zarbalaridan cho‘chib, yurak oldirib qo‘ygan kattalarga nisbatan yuqori bo‘ladi. Ular soxtakorlik, ko‘zbo‘yamachilikdan, so‘zi va amaliyoti bir-biriga zid kimsalardan jirkana-dilar. Millat taraqqiyoti ma’naviyati yuksak yoshlarga bog‘liq ekanligini nazardan qochirmagan holda tarbiyaviy ishlarni yoshlar talablari bilan muvofiqlashtirib bormog‘imiz darkor. Yurtboshimizning 2012 yil 9 mayda Xotira va qadrlash kunida OAV vakillari savollariga javoblarida ta’kidlaganidek: “...o‘sib kelayotgan yosh avlod istiqlolimiz tarixini chuqur o‘rganishi, bunday kunlarga osonlik bilan erishilmaganini tushunib, anglab yetishi zarur, chunki ertangi kun yoshlar qo‘lida. Hal qiluvchi kuch sifatida kirib kelayotgan yoshlarni qo‘llab – quvatlash, ularga ishonch bildirish lozim.”[1] Mamlakatimiz rahbarining yoshlarga o‘zimga ishongandek ishonaman deb ta’kidlashida ham katta ma’no mujassam.


Ilmiy xulosalarga ko‘ra, odamning xotirasida 90 % hollarda o‘zi bajargan ish, 50 % hollarda — ko‘rgani va 10% hollardagina esa eshitgani saqlanib qoladi. Demak, goyaviy tarbiyada yoshlarni ko‘proq o‘zlari bevosita ishtirok etadigan amaliy mafkuraviy ishlarga jalb qilmog‘imiz darkor.


Ma’naviyatni targ‘ib etishning ikki an’anaviy yo‘li mavjud.      Birinchisi    -    insoniy    fazilatlarni    ulug‘lash, shunday  xislatlarga  ega  kishilarni  ta’riflash,   namuna qilib ko‘rsatish orqali kechadi.  Ikkinchi yo‘l esa illat- larni   qoralash   orqali   bo‘ladi.   Bu   vosita  birinchisiga nisbatan    samaraliroqdir.    Shu    sababdan    ham    erishilgan yutuqlarni    holisona     e’tirof     etib,     yo‘l     qo‘yilgan kamchiliklar    tanqidiy    nuqtai    nazardan    baholanishi zarur.  Tanqid haqida gapirganda kimnidir izza  kilish, obro‘sini to‘kish,   xato-kamchiliklarini  yuziga solish emas,    aksincha,    hamma   narsani   o‘z   nomi   bilan   atash, nuqsonlar sabablarini aniqlash,  tahlil etish,   ularning ildiziga   yetib   borish   va   tag-tomiri   bilan   yo‘q   qilish asosiy maqsadimiz bo‘lmog‘i darkor.


Xullas Yurtboshimiz tomonidan olg‘a surilgan fikrga qarshi – fikr, g‘oyaga qarshi – g‘oya, jaholatga qarshi – ma’rifat orqali kurash g‘oyasi shiori ostida barchamiz bahamjixat bo‘lib, milliy g‘oya va mafkurani yoshlar ongiga yanada chuqurroq singdirishimiz va ularda mafkuraviy immunitetni shakllantirishimiz lozim.